ANDIJON UNIVERSITETI

ANDIJON UNIVERSITETI, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti — ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga asosan 1992 yil 15 martda Andijon pedagogika instituti (1936 yil asos solingan) negizida Andijon shahrida tashkil etilgan. 1990 yil 19 aprelda Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilgan. Universitetda 11 fakultet (matematika, fizika, kimyo, biologiya, tarix, pedagogika, filologiya, jismoniy madaniyat, huquq-iqtisod, sirtqi ta’lim va malaka oshirish), 31 kafedra, 31 o’quv va 10 ilmiy laboratoriya, 4 kompyuter sinflari, rasadxona bor. Xalqaro Internet tarmog’iga ega kutubxonada 300335 asar saqlanadi (2000). Universitet qoshida akademik-litsey va litsey-internat mavjud. Universitetda 18 ixtisoslik (matematika, tadbiqiy matematika va informatika, fizika, kasb ta’limi, biologiya, kimyo, geografiya, ekologiya, o’zbek Filologiyasi, tarix, huquqshunoslik, iqtisodchi-pedagog, jismoniy tarbiya, chizmachilik, tasviriy va amaliy san’at, boshlang’ich ta’lim va tarbiyaviy ish, musiqachi-pedagog, pedagogika va psixologiya, maktabgacha va oilaviy ta’lim) bo’yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Universitetda magistratura, aspirantura (o’zbek tili, Vatan tarixi, yarimo’tkazgichlar fizikasi, biokimyo, falsafa, zamonaviy va milliy adabiyot), doktorantura (o’zbek tili, vatan tarixi, yarim o’tkazgichlar fizikasi), yarimo’tkazgichlar fizikasi bo’yicha ixtisoslashtirilgan ilmiy kengash faoliyat ko’rsatadi. 1999/2000 o’quv yilida 3100 talaba ta’lim oldi; 297 o’qituvchi, jumladan 22 fan Doktori va professor, 104 fan nomzodi va dotsent ishladi. Universitet faoliyati S.Z. Zaynobiddinov, A.Q. Qosimov, F.X. Abdullayev, A.A. Abdullayev, R.T. Shamsutdinov, G.K. Dubovskiy, H. Razzoqov, I. Po’latov, A. Nurmonov, Z. Qutiboyev, Q. Parpiyev, S.A. Vohidova kabi professor- o’qituvchilar nomi bilan bog’liq. Universitetning “Humo” ashula va raqs ansambli, kichik bosmaxonasi, “Andijon universiteti” ko’p nusxali gazeta, sport majmui mavjud. Jismoniy tarbiya fakulteti talabalaridan 82 tasi mamlakat terma jamoasi a’zolari. 1 tasi boks bo’yicha jahon va Olimpiada chempioni (M. Abdullayev), 1 tasi jahon chempioni (O’. Haydarov), 1 tasi Olimpiada o’yinlari bronza medali sovrindori (S. Mixaylov) (2000). Universitetda fan-texnika davlat qo’mitasining grantlari, “Soros” va boshqa jamg’armalar bilan hamkorlik natijasida har yili 5 million so’mlik ish bajarilgan. 2000 yilgacha universitetda 30 mingdan ziyod mutaxassis tayyorlandi.