ANDIZ

ANDIZ (Inula) — qoqidoshlar oilasiga mansub ko’p yillik o’tlar turkumi. 100 ga yaqin turi bor. Andiz asosan Yevropa, Osiyo va Afrikada tarqalgan. O’zbekistonda 9 turi uchraydi. Bo’ydor Andiza (qora Andiza — I. helenium va sariq Andiza — I. grandis) turlari ko’proq tarqalgan. Bu turlarning poyalari baland bo’yli (1— 2,5 metr), bir oz qirrali, tukdor; ildizpoyasi (tanasi) yo’g’on; barglari butun, cheti notekis, poyaning quyi qismida yirik (uzunligi 40-50 santimetr, eni 20-25 santimetr), yuqorisida esa maydaroq (uzunligi 10-30 santimetr, eni 3-12 santimetr); guli savatcha, gulbandi yo’g’on, chetdagi gullari urug’chili, o’rtadagilari esa ikki jinsli, sariq. Iyunning oxiridan sentabrgacha gullaydi. Adir va tog’larda 500-2000 metrgacha balandlikda o’sadi. Qora Andiza ildizpoyasi tarkibida 3% gacha efir moyi, 44% gacha inulin, saponin va boshqa moddalar bor. Ildizpoyasining qaynatmasi balg’am ko’chiruvchi dori sifatida ishlatiladi. Sariq Andiza ham tabobatda siydik haydovchi dori o’rnida qo’llaniladi. Sariq Andiza ildizpoyasidan esa levulyoza (fruktoza) olinadi. Andizaning ba’zi turlari xushmanzarali.