Aneroid
Aneroid (Yunoncha a—inkor qo’shimchasi — manfiy zarra, neros — suv), metall barometr — atmosfera bosimini o’lchash uchun ishlatiladigan asbob. Asosiy ish qismi ichidan havosi so’rib olingan elastik xususiyatli yassi to’garak quticha, ustki va ostki yuzasi to’lqinsimon qilib burmalangan. Havo bosimi o’zgarganda quticha o’z shaklini o’zgartiradi (bosim oshganda quticha siqiladi, kamayganda kengayadi) va bu o’zgarish richaglar tizimi yordamida shkalada harakatlanuvchi milga uzatiladi. Aneroid shkalasi simobli barometr yordamida darajalanadi. Mil ko’rsatishi bo’yicha shkala uzatmasidan tashqari temperatura va qoldiq deformatsiya uchun tuzatma kiritiladi. Har bir yangi Aneroidga tegishli tuzatmalar jadvali beriladi. Aneroid nisbiy asbob, uning aniqligi 1—2 mbar. Aneroid meteorologiya stansiyalarida ehtiyot barometr sifatida ishlatiladi.