ANGLIYA BANKI
ANGLIYA BANKI (Bank of England) -Buyuk Britaniyaning davlat Markaziy emissiya banki. 1694 yilda xususiy aktsiyadorlik banki tarzida tashkil topgan. Dastlab eng yirik bankirlar uylari kapitalini markazlashtirdi, keyinchalik mamlakatning asosiy moliyaviy markaziga, davlatdagi banklarning bankiga aylandi. 1 – jahon urushi (1914 — 18) ga qadar Angliya banki banknotlarini oltinga almashtirish mumkin edi. 1946 yilda leyboristlar hukumati Angliya bankini natsionalizasiya qildi, aktsiya egalariga yiliga 12% daromad keltiradigan hukumat qimmatbaho qog’ozlari bilan tovon to’landi (dividendlar bergan daromad darajasida). Angliya banki parlament belgilaydigan doirada pul emissiyasi bilan shug’ullanadi, hukumatni moliyalaydi, davlat byudjetining kassa ijrosini amalga oshiradi, mamlakatdagi va muxbir a’zolik aloqalari bo’lgan ko’pgina xorijiy banklarning zaxiralarini asraydi, mamlakat banklari uchun hisob-kitob markazi; valyuta nazoratini olib boradi, banklarning kredit faoliyatini nazorat qiladi, foiz stavkalarini o’zgartirish orqali pul bozorini tartibga soladi. Angliya banki boshqaruvchisi va direktorini hukumat tayinlaydi. 8 bo’limi bor.