ANNIGILYATSIYA

ANNIGILYATSIYA (lotincha annihilation -yo’qolish) — zarraning antizarra bilan to’qnashishi natijasida boshqa zarralarga aylanish jarayoni. Annigilyatsiyaning borishi paydo bo’lgan zarralarning soni va tabiatiga, zarra bilan antizarraning qanday holatda bo’lishiga, ularning o’zaro ta’siri qandayligiga bog’liq. Annigilyatsiya muayyan saqlanish qonunlariga bo’ysunadi. Annigilyatsiya vaqtida zarralar tizimining umumiy energiyasi (demak, massasi), harakat miqdori, harakat miqdori momenta, elektr zaryadi o’zgarmasdan saqlanadi. Annigilyatsiyada juda ko’p energiya ajralib chiqadi. Elektron bilan antielektron (ya’ni pozitron) Annigilyatsiyasi nazariy jihatdan va tajribalarda batafsil tekshirilgan. Elektron bilan pozitron Annigilyatsiyasida shart-sharoitga qarab, yo bitta, yoki ko’proq foton paydo bo’ladi. Masalan, atom yadrosi ta’siridagi elektron bilan pozitron Annigilyatsiyasida faqat bitta foton, erkin elektron bilan pozitron Annigilyatsiyasida ikkita foton paydo bo’ladi. Goho, pozitron bilan elektronning Annigilyatsiyasigacha ulardan yashash vaqti juda kichik vodorodsimon atom-pozitroniy hosil bo’ladi. Pozitroniyning Annigilyatsiyasi natijasida paydo bo’lgan fotonlar soni pozitroniyning dastlab qanday holatlarda bo’lishiga bog’liq. Elektron va pozitrondan boshqa turdagi zarra bilan antizarra Annigilyatsiyalari ham ma’lum. Nuklon bilan antinuklon, jumladan, proton bilan antiproton Annigilyatsiyasi vaqtida ts-mezonlar yoki K-mezonlar paydo bo’ladi. Ba’zan, antiproton bilan protonning Annigilyatsiyasida yashash vaqti kichik vodorodsimon atom — protoniy hosil bo’ladi. Zarra bilan antizarraning birgalikda paydo bo’lish jarayoni juft zarralar hosil bo’lishi deyiladi. Masalan, katta energiyali foton atom yadrosi bilan to’qnashganda pozitron bilan elektron jufti hosil bo’ladi. Hozirgi zamon fizikasida ko’plab topilayotgan elementar zarralar, ulardan ba’zilarining yo’qolib ketishi va boshqalarining paydo bo’lishi materiyaning cheksiz xilma-xilligini, materiya shakllarining o’zaro birligini, materiyaning bir shakldan ikkinchi shaklga aylanishini ifodalaydi.