ANTISIKLON

ANTISIKLON (Yunoncha anti… va tsiklon) — atmosferada yuz beradigan hodisa; havo oqimlari harakatidan hosil bo’ladigan juda katta atmosfera girdobi. Shim. yarim sharda soat mili yo’nalishida, Janubiy yarim sharda esa unga qarama-qarshi harakatlanadi. Antisiklon markazida havo bosimi maksimal bo’lib, chetlariga tomon asta-sekin pasayib boradi. Antisiklonning diametri 3 — 5 ming kilometrgacha, harakat tezligi 30 — 40 kilometr/soatga yetishi mumkin. O’rta Osiyodagi Antisiklonlar yer yuzining boshqa hududlariga qaraganda tezroq: yozda soatiga 50 kilometrgacha, qishda esa 60 — 65 kilometr harakatlanadi. Antisiklon doirasida havo yuqoridan pastga qarab siljiydi. Antisiklon egallagan maydonda havoning pastga tushishi va isishi tufayli erkin atmosferada harorat asta-sekin ko’tariladi va natijada ob-havo ko’pincha ochiq yoki kam bulutli bo’ladi. Qishda va kechasi yer yuzasida havoning sovushi natijasida Antisiklonning pastki qatlamida inversiyalar, bulutlar va tumanlar vujudga kelishi mumkin. Antisiklonning O’rta Osiyo hududi orqali o’tishi sovuq havo massasi bostirib kelishining oxirgi davriga to’g’ri keladi. Antisiklon kam bulutli ob-havoni vujudga keltiradi. Sibir Antisikloni Janubiy-g’arbiy qismining O’rta Osiyo hududiga tarqalishi ochiq havoga sababchi bo’ladi. Tohir Muxtorov.