ANTITELOLAR

ANTITELOLAR — immunitet hosil qiladigan moddalar. Antitelolar teri ostiga yoki tomirga oqsil tabiatli modda (antigen) kiritilganda, unga qarshi hosil bo’ladi. Antitelolar, asosan, qon zardobida to’planadi. Bunday qon zardobiga kasallik qo’zg’atuvchi mikrob toksinidan aralashtirilsa, Antitelolar toksinni neytrallaydi (antitoksinli zardob). Antitelolar bor qon zardobiga mikrobning o’zi aralashtirilsa, zardobdagi Antitelolar mikrobni bir-biriga yopishtirib, g’uj qiladi (agglyutinasiya), ba’zan eritib yuboradi (lizis), ayrim hollarda antigenni cho’ktiradi (presipitasiya). Antiteloli qon zardoblari, xususan, gamma-globulinlar difteriya, qizamiq, qoqshol, gazli gangrena, gripp va boshqa kasalliklarning oldini olish hamda davolash maqsadida keng qo’llaniladi, sud tibbiyotida ham ishlatiladi.