Antropologiya
Antropologiya (antropo… va … logos-fan, ta’limot)-odamning kelib chiqishi va evolyutsiyasi, odamzod irqlarining paydo bo’lishi, odamning tana tuzilishidagi normal farq-tafovut, o’zgaruvchanlik haqidagi fan. Antropologiyaga doir fikrlar bundan bir necha ming yil ilgari paydo bo’lganiga qaramay, u fan sifatida faqat XIX asrning 2-yarmidan shakllana boshladi. Zamonaviy fan nuqtai nazaridan aytganda, Antropologiya quyidagi uchta katta bo’limdan iborat: 1) odam morfologiyasi; 2) antropogenez; 3) irqshunoslik (etnik Antropologiya). Morfologiya odam jismoniy tuzilishidagi belgilarning yosh, jins, kasb va tashqi sharoitga qarab o’zgarishini tushuntirib beradi. Irqshunoslik odamzod irqlarining kelib chiqish davri va sabablarini, ularning Yer yuziga tarqalishini izohlab, etnogenez muammolarini yechishga ham o’z hissasini qo’shadi. Antropologiya o’zining turlicha tekshirish usullariga (antropometriya, osteometriya, kraniometriya) va ko’p xil asboblariga ega.