APELLYATSIYA
APELLYATSIYA (lotincha appellatio — murojaat qilish; shikoyat qilish; norozilik bildirish) — sud hukmi ustidan shikoyat arizasi berishning bir shakli. Apellyatsiya Frantsiya jinoyat-protsessual kodeksiga (1808 yil), jahonning boshqa ko’pchilik davlatlari jinoyat-prosessual qonunlariga kiritilgan. O’zbekiston Respublikasida 1994 yil 22 sentabrda qabul qilingan va 1995 yil 1 apreldan amalga kiritilgan Jinoyat-protsessual kodeksida ushbu tartib ko’rsatilmagan, ammo Apellyatsiya tartibida ish ko’rishning ayrim aniq masalalariga oid qismlari yangi JPKning 490-moddasida nazarda tutilgan qoidaga ko’ra, Apellyatsiya kassatsiya instantsiyasida ish ko’radigan sudda qo’llaniladi. Sud hukmi ustidan Apellyatsiya tartibida shikoyat berish yo’l qo’yilgan davlatlarning jinoyat-protsessual qonunida Apellyatsiya tushunchasi 2-bosqich sudida jinoyat ishini mazmunan hal qilish uchun yangidan ko’rish mumkinligini bildiradi. Apellyatsiya sudi (2-bosqich sudi) hukmning qonuniyligi va asosligini faqat shikoyat (protest)da ko’rsatilgan holatlar bo’yicha tekshiradi. Apellyatsiya sudi ishdagi yozma materiallarga tayanib, o’z qarorini qabul qiladi. Bu sudda 1-instantsiya sudida so’roq qilingan guvohlar takroran so’roq qilinmaydi, dalillarni bevosita va og’zaki tekshirish, sud ishlarini yuritishdagi tortishuv, mahkumni himoya huquqi bilan ta’minlash va ishni uzoq muddat davomida ko’rishdek holatlar chegaralanadi.