APPENDITSIT

APPENDITSIT — appendikenti yallig’lanishi. Mikroblar o’simtaga turli yo’llar bilan kiradi, ayrim sabablarga kura ularning patogenlik xususiyati oshib, o’simta shilliq qavatlaridan ostki qismiga o’tib, uni yallig’lantiradi. Appenditsit bilan turli yoshdagi kishilar og’rishi mumkin. Appenditsit o’tkir va surunkali bo’ladi. O’tkir Appenditsitning kataral, yiringli, gangrenoz turlari bo’lib, o’simtaning teshilishi, peritonit, appendikulyar infiltrat, abssess kabi hayot uchun xavfli asoratlari kuzatiladi. Kasallik boshlanishida o’ng biqin sohasi to’satdan sanchib og’riydi va asta-sekin zo’raya boradi; bemorning ko’ngli ayniydi, qayt qiladi, tomiri tez uradi, harorati ko’tariladi. O’ng yon bosh sohasini qo’l bilan bosib ko’rilganda, og’riq zo’rayishi va o’ng tomondagi muskullarning taranglanishi aniq seziladi. Qonda leykositlar ko’payadi. Appenditsit aniqlangandan keyin yallig’langan o’simta darhol jarrohlik yo’li bilan olib tashlanadi. O’tkir Appenditsit operatsiya qilinmaganda kasallik belgilari kamayib, asoratlar ro’y bermasa, chuvalchangsimon o’simtadagi o’zgarishlar qisman yo’qolib, kasallik surunkali tus oladi. Bolalarda og’riq kuchli, kari kishilarda esa sust bo’ladi. Qorinda qattiq og’riq turishi ko’pincha Appenditsitga xosdir, shuning uchun bunday hollarda zudlik bilan vrach chaqirish lozim.