ARABI OT

ARABI OT — salt miniladigan qadimiy ot zoti; xalq selektsiyasi yo’li bilan Arabiston yarim orolida milodiy 1-ming yillikda chiqarilgan. Turkman, Eron va Misr saxro otlari bilan urchitish natijasida takomillasha borgan. U cho’l sharoitiga yaxshi moslashgan, ochlik va suvsizlikka chidamli, uzoq, masofaga yaxshi yuguradi (poygada 1000 metr masofani 1 minut 8,0 sekundda bosib o’tadi). Arabi ot juda chiroyli, tusi bo’z, to’riq, Sherozi (kulrang) yoki jigarrang. Bu zotning dunyodagi ot zotlarini yetishtirishda va takomillashtirishda juda katta ishtiroki bor. Arabi otning qarchig’ayigacha balandligi 150 santimetr, ko’krak qafasining aylanasi 175 santimetr, to’pig’i aylanasi 18,5 — 19,5 santimetr. Arabi ot Karpat, Kavkaz, O’rta Osiyodagi tog’ va tog’oldi mintaqalarida mahalliy ot zotlarini yaxshilashda, ot sporti va tsirk tomoshalarida foydalaniladi. Arabi otning nasldor ayg’irlari Stavropol o’lkasidagi Terek ot zavodida urchitiladi. Arabi ot, shuningdek Hindiston, Misr, Turkiya, Frantsiya, Ispaniya, GFR, AQSh, Polsha va boshqa mamlakatlarda boqiladi va ko’paytiriladi.