ARAUKARIYADOSHLAR
ARAUKARIYADOSHLAR, araukariyalar (Araucariaceae) — ochiq urug’li o’simliklarga mansub baland bo’yli daraxtlar oilasi. Ikki turkumi (Agathis, Araucaria) va 40 ga yaqin turi bor. Asosan, Janubiy Amerika, Janubiy-Sharqiy Osiyo, Malakka va Filippin orollarida tarqalgan. Novdalari doira shaklida joylashgan. Nina bargi yassi, mevasi yirik qubba, urug’i xomligicha yoki qovurilib va quritib, shuningdek un qilib iste’mol qilinadi. Yog’ochidan qurilishda foydalaniladi. Ba’zi turlari xushmanzara daraxt sifatida ekiladi. O’zbekiston hududida Araukariyadoshlarning changi, yog’ochi va shoxchalarining izi qazilma holda topilgan. Xususan ular Farg’ona vodiysining Janubiy hududlari va Qurama tog’larining karbon, yura qatlamalarida uchraydi.