ARFA
ARFA (italyancha Agra) — uchburchak shaklidagi qadimgi torli tirnama soz. Dastlabki tasvirlari miloddan avvalgi 3 – ming yillikka taalluqli. Oddiy ko’rinishdagi Arfa jahonning deyarli barcha xalqlarida uchraydi. Turli xalqlar orasida qadimdan tarqalgan: gruzinlarda — changi, abxazlarda — ayumaa, osetinlarda — duadastanon, mansilarda tor-saplyux va boshqalar. O’rta Osiyoda qo’llanilgan chang (Cheng) deb yuritilgan soz Arfaning o’tmishdoshi bo’lgan. Ayritom frizida (1 — 2-asrlar) 13 torli Arfa chalayotgan ayol-sozanda tasvirlangan. Hozirgi Arfaning 44 — 46 tori bo’lib (diatonik dobemol majorda sozlangan), vertikal rezonatorli uchburchak shakldagi ramaga tortilgan. Xromatik tovushlarni sadolantirish va boshqa tonallikka o’tkazish uchun pedal mexanizmidan (19-asr boshida frantsuz ustasi S. Erar ixtiro qilgan) foydalaniladi. U ikki vazifani — torlarni qisqartirish va sadoni yarim ton yoki bir tonga balandlatish yoki pastlatish uchun xizmat qiladi. Orkestrda, ansamblda yakkanavoz va jo’rnavoz soz sifatida ishlatiladi. Arfa tovushi mayin va yoqimli. I. Bax, G. Gendel, V. Mosart, M. Ravel, P. Xindemit va boshqalar. Arfa uchun yakkanavoz asarlar yaratishgan. Arfa ijrochiligida R. N. Sh. Boksa, F. Y. Dizi, A. Tsabel, I. Eyxenvald, K. Erdeli, V. Dulova va boshqalar shuhrat qozonishgan. O’zbekistonda Arfa simfonik va opera orkestrlari tarkibida ishlatiladi. 50-60-yillarda Toshkent konservatoriyasida Arfa sinfi bo’lgan.