ARG’UNSHOH AXTACHI BURDALIG’IY
ARG’UNSHOH AXTACHI BURDALIG’IY (14-asr 2-yarmi — 15-asr boshi) — Amir Temur lashkarboshilaridan. Amir Temurning Amir Husayn bilan qilgan janglarida faol qatnashgan, Movarounnahrni dushmanlardan tozalashda jasorat va shijoat ko’rsatgan. Amir Temurning ko’p harbiy yurishlarida qatnashgan. Hindiston yurishi (1398-99) va “Yetti yillik yurish” (1399-1404) yillari Arg’unshoh bir necha amirlar bilan birga “mo’g’ul sarhadining zabti” uchun qo’yilgan. Amir Temur 1404 yil 27 noyabrda Xitoy yurishiga ketayotib, Arg’unshohni Samarqandda qutvol lavozimida qoldirgan. Biroq 1405 yil 18 Fevralda Amir Temur vafotidan so’ng yuz bergan tartibsizliklar va Xalil Sulton tomonidan uyushtirilgan fitnada u shahzoda tarafida bo’lgan va Saroymulk xonim, Tuman og’o, Ulug’bek, Ibrohim Sultonni va lashkarboshilardan Amir Shoh Malik, Shayx Nuriddinlarni Samarqandga kiritmagan. Bu bilan u Amir Temur barpo etgan saltanatga putur yetishiga sababchilardan biri bo’lgan. Ashraf Ahmedov.