ARININ MIXAIL ALEKSANDROVICH
ARININ MIXAIL ALEKSANDROVICH (1897.3.9, Saratov gubernyasi — 1967.7.5, Toshkent) — rassom, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1951). 1924 yildan dastlab Qo’qonda, so’ng Toshkentda yashab ijod qilgan. 1930 yillarda “Paranjini yondirish”, “G’o’za chopig’i” (1935), “Paxta topshirish” (1937) va boshqa asarlarni yaratdi. 2-jahon urushi yillari O’zTAGda ishladi. Shimoliy Kavkaz frontida bo’lib, “Nemislar ketgandan keyin”, “Tog’lik qiz portreti”, “Fashistlar qiynoqxonasida” asarlarini, urushdan keyin “Musobaqalashmoqdalar” (1949), “Shohimardon yo’lida” (1957) kabi asarlarni ishladi. 1956 — 57 yillarda u O’. Tansiqboyev va K. Cheprakovlar bilan Navoiy teatri foyelarini devoriy rasmlar bilan bezadi. Arinin manzaralari (“Sirdaryo”, 1960; “Bahor”, 1962 va boshqalar) da O’zbekistonning go’zal tabiatini aks ettirdi.