ARMANISTON QO’Y ZOTI

ARMANISTON QO’Y ZOTI – yarim dag’al junli zot, Armanistondagi “aragat” naslchilik xo’jaligida murakkab chatishtirish [(balbas zoti sovlig’i X. Linkoln zoti qo’chqori) x balbas zoti sovlig’i] yo’li bilan yaratilgan. 1984 yilda zot sifatida tasdiqlangan. Qo’ylarning ko’z atrofi va oyoqlarida qora rangli dog’lar bo’lishi bilan ajralib turadi. Zot mustahkam konstitutsiyali, gavdasi yirik, go’shtdorlik sifati yuqori, ko’chqorlarining tirik vazni 80-90 kilogramm, sovliqlariniki 50-55 kilogramm, 4-4,5 oylik qo’zilariniki 28-32 kilogramm. Asosan oq, yarimdag’al kokil tuzilishidagi yaltiroq jun qoplamiga ega. Qo’chqorlaridan o’rtacha 2,5 3,5 kilogramm, sovliqlaridan 1,5 -1,9 kilogramm jun olinadi, jun kokili uzunligi 16-20 santimetr, sovliqlarida 14-18 santimetr, tivit qismining uzunligi 10-12 santimetr, toza jun chiqimi 68 — 72%. Qo’ylar sharoitga tez va yaxshi moslashib, laktasiya davrida 100-120 kilogramm sut beradi, sutining yog’lilik darajasi 5,9%.