A’ROF
A’ROF (Arabcha —to’siqlar) — Islom manbalarida, xususan Qur’onda ta’riflangan jannat bilan do’zax o’rtasidagi joy. O’zbek tilida A’rof o’rnida odatda “arosat” istilohi ishlatiladi. Islom aqidasiga ko’ra, qiyomat kuni jannatga ham, do’zaxga ham tushmay o’rtada qoladigan odamlar A’rofda turadilar. Ular jannatda rohat qilayotganlarni ham, do’zaxda azob tortayotganlarni ham ko’rib, ba’zida gaplashib turadilar. Qur’onning 7-surasi A’rof deb nomlangan.