ARQISH

ARQISH (turkiycha)— 6 — 14- asrlarda turkiy xalqlarda uzoq yurtlarga savdo-sotiq ishlari bilan qatnovchi tojirlar, ot-ulovlar, aravalar va ularni boshqaruvchi mutasaddi shaxslar guruhi, ya’ni karvon ma’nosini anglatuvchi istiloh. Arqish Kultegin bitiktoshida, Yusuf xos Hojibning “Qutadg’u bilik”, Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit turk” asarida ishlatilgan, so’nggi bor 14-asr obidasi Rabg’uziyning “Qisasi Rabg’uziy” asarida qayd etilgan. Hoz. o’zbek adabiy tilidagi “karvonboshi” ma’nosi qadimda Arqish ulug’i so’z birikmasi yordamida ifodalangan.