ARSLONXON MUHAMMAD IBN SULAYMON

ARSLONXON MUHAMMAD IBN SULAYMON (to’liq ismi Muhammad ibn Sulaymon ibn Dovud Kuchtegin ibn Tamg’achxon Ibrohim) (?— 1130/1131) — Movarounnahr hukmdori (1102-30). Qoraxoniylardan. Barqiyoruq vassali Sulaymonteginning o’g’li. 1102 yil Samarqand taxtiga Arslonxon unvoni bilan o’tqazilgan. 12 ming mamlukdan iborat qo’shin tuzib Dashti Qipchoqqa bir necha bor harbiy yurishlar qilgan. Umrining oxirida falaj bo’lib qolgani tufayli taxtni o’g’illari — dastlab Nasr, so’ng Ahmad bilan boshqargan. Samarqand Saljuqiylar tomonidan egallangach (1130 yil 13 mart), Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon Balxga jo’natilgan va o’sha yerda ko’p o’tmay vafot etgan. U Marvdagi o’zi qurdirgan madrasaga dafn etilgan. Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon davrida madaniy hayot birmuncha rivojlangan. Buxoro va uning viloyatida ko’plab binolar qurilgan. Masalan, Jarqo’rg’on minorasi va masjidi Kalon yonidagi minora hozirgacha saqlangan.