ARTRIT

ARTRIT (Yunoncha arthron — bo’g’im, itis — yallig’lanish) — bo’g’imlarning yallig’lanishi. Asosiy kasallik (masalan, spondiloartrit) yoki boshqa kasallik (masalan, revmatizm) belgisi bo’lishi mumkin: bir (monoartrit) yoki bir necha bo’g’im (poliartrit) zararlanadi. Infektsiya (TIF, paratif, sil, brusellyoz va boshqa), moddalar almashinuvining buzilishi, lat yeyish, surunkali kasalliklar (murtak bezlari, o’rta quloq, burun yondosh bo’shliqlarining yallig’lanishi, kasallangan tishlar) va boshqa sabab bo’ladi. Intoksikasiya (zaharlanish), sovqotish, odam organizmida mikroblarga qarshilik ko’rsatish qobiliyatining susayishi natijasida ham Artrit ro’y beradi. O’tkir, surunkali, allergik, yuqumli, revmatik (poliartrit), ekssudatli va boshqalar. Artrit farq qilinadi. Artritda bo’g’imlar og’riydi, qizarib shishadi, shakli o’zgaradi va harakati cheklanadi; yallig’langan bo’g’im sohasida suyuqlik (ekssudat) yig’iladi. Bemor darmonsizlanadi, harorati ko’tariladi. Kasallik endi boshlanayotganda davo (dori-darmon, davo fizkulturasi, massaj) qilinsa, bemor tezda sog’ayib ketadi.