ARTUR AFSONALARI

ARTUR AFSONALARI – Uels (Angliya) da istiqomat qiluvchi keltlarning rivoyatlari; ko’plab she’riy asarlarga mavzu bo’lgan. Bularga asos qilib orttlarning qirollaridan biri — qirol Artur (5 —6-asr) prototipi olingan. U Anglo-sakslar istilosiga qarshi muvaffaqiyatli kurashgan. Keltlar o’z mustaqilliklarini qayta tiklash haqidagi orzu-umidlarini Artur nomi bilan bog’laganlar. Tarixiy shaxs sifatida Artur 8 – asrdan boshlab kelt va bretonlarning Bard (shoir va qo’shiqchi) lari ijodida, shuningdek lotin yilnomachisi Galfrid Monmautskiyning “Britaniya qirollari tarixi” (taxminan 1137) kitobida tilga olinadi. Angliyada 13 — 14- asrlarda “Artur”, “Artur va Merlin”, “Arturning o’limi” romanlarining tarjimasi paydo bo’ladi. Artur afsonalari mavzuida risarlik haqidagi eng yaxshi ingliz romani — “Ser Gaveyn va yashil risar” nazmda yaratildi (14-asr). 15-asrda T. Malori “Arturning o’limi” romanini yozdi. Bir qator ijodkorlar o’z asarlarida Artur obraziga murojaat etganlar. Masalan, E. Spenser “Qirolicha Fey”da, J. Drayden “Qirol Artur” opera librettosida, U. Morris “Ginevr mudofaasi” poemasida va boshqalar. M. Tvenning “Yanki qirol Artur saroyida” asarida Artur afsonalari taqlidiy-hajviy talqin etilgan.