ARXANGELSK VILOYATI

ARXANGELSK VILOYATI – Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. Neneslar Muxtor okrugi hamda Kolguyev, Vaygach, Novaya Zemlya, Frans-Iosif yeri va Solovki orollarini o’z ichiga oladi. Viloyat shimolda Oq, Barents va Kara dengizlarga tutash. Arxangelsk viloyati Rossiyaning aholisi eng siyrak joylashgan yerlaridan biri. Aholisi 1 million 500 mingdan ortiq (1999), shundan shahar aholisi 1205 ming, qishloq aholisi 419 ming, asosan ruslar, neneslar va komilar. 1937 yil 23 sentabrda tashkil etilgan. Maydoni 587,4 ming kilometr kvadrat. Arxangelsk viloyatida 20 ma’muriy tuman, 13 shahar, 40 shaharcha bor. Markazi — Arxangelsk shahri. Viloyatning Markaziy qismi bir necha daryo vodiylari (shimoliy Dvina va uning irmoqlari) kesib o’tgan tekislikdan iborat. Uning kattagina qismi botqoqlik, g’arbiy qismida pastroq qirlar, markazidagi tekislikda Timan kryaji bor. Foydali qazilmalari — ko’mir, torf va gips. Iqlimi sovuq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi g’arbda -12°, Sharqda -18 gradus. Iyuliing o’rtacha temperaturasi viloyat Janubda 16°, shimolda 8°. Tez-tez shamol bo’lib turadi; 350-550 millimetr yog’in yog’adi. Muhim daryolari: shimol Dvina, Onega, Pechora; ko’l ko’p (Lacha, Kenozero, Kojozero va boshqalar). Tuproqlari gleyli tundra, podzol va botqoq tuproqlar. Igna bargli o’rmonlar bor. Tyulen, tiyin, quyon, oq tulki, suvsar va boshqalar yashaydi. Arxangelsk viloyati yog’och tayyorlash, yog’och-kimyo sanoatini rivojlantirish va yog’och-taxta eksport qilishda Rossiyaning muhim rayoni hisoblanadi. Arxangelsk, Onega, Mezen, Naryan-Mar shaharlarida taxta tilish sanoati rivojlangan. Sanoatining tsellyuloza-qog’oz, gidroliz (Arxangelsk) tarmoqlari, sulfat-spirt olish, yog’ochdan standart uylar tayyorlash taraqqiy etgan. Kotlasda yirik tsellyuloza-qog’oz kombinati bor. Mashinasozlik, xususan, transport mashinasozligi muhim o’rin tutadi. Arxangelsk va Kotlas shaharlarida kemasozlik va kema tuzatish sanoati rivojlangan. Arxangelskda yirik baliq kombinati, Shoyna, Indigi, Naryan-Mar shaharlarida baliq konserva zavodlari ishlab turibdi. Boksit zaxiralari asosida rangli metallurgiya rivojlanmoqda. Qishloq xo’jaligida sut chorvachiligi katta urin tutadi. Xolmogori sersut sigirlar zoti Arxangelsk viloyatida yaratilgan. Bug’uchilik bilan shug’ullaniladi, baliq va dengiz hayvonlari, tiyin va qutb tulkisi ovlanadi. G’alla ekinlaridan suli, arpa, bug’doy ekiladi. Asosiy temir yo’llari: Moskva — Arxangelsk, Konosha — Kotlas, Obozerskaya — Belomorsk. Shimoliy Dvinada kema qatnaydi. Arxangelsk, Onega, Mezen, Naryan-Mar dengiz portlari bor. Arxangelsk viloyatida umumiy ta’lim maktablari, o’rta maxsus o’quv yurtlari, oliy o’quv yurtlari, ommaviy kutubxona, klub bor.