ARXANGELSKIY ANDREY DMITRIYEVICH
ARXANGELSKIY ANDREY DMITRIYEVICH (1879.8.12. – 1940.16.6) – geolog olim, Moskvalik tektonist olimlar ilmiy maktabining asoschisi, akademik (1929). MDUda (1920-32) va Konchilik akademiyasida (1924 — 32) professor. Geologiya ilmiy tadqiqot instituti direktori (1934 — 39). Asosiy ilmiy ishlari stratigrafiya, litologiya, tektonika, paleogeografiya muammolariga bag’ishlangan. Arxangelskiyning “Orol dengizi qirg’oqlarining qazilma faunasi” (1909), “Turkistonning yuqori bo’r yotqiziqlari” (1916) kabi asarlarida O’rta Osiyodagi yuqori bo’r jinslarining stratigrafik sxemalariga asos solingan, paleogeografik rekonstruktsiya metodikasi yanada rivojlantirilgan. I. M. Gubkin bilan birgalikda Kursk magnit anomaliyasini o’rganishda ishtirok etgan (1916 — 26). Amudaryo etaklarida tekshirishlar o’tkazgan (1919 — 31). Janubiy, G’arbiy O’zbekistondagi hamda Farg’ona vodiysidagi neftli rayonlarni va oltingugurt konlarini tadqiq qilib, bu rayonlarda neft hamda gaz topilishi mumkin degan xulosaga kelgan.