ARXEGON

ARXEGON, arxegoniy (archegonium) — yo’sin, qirqquloq va ochiq urug’li o’simliklarning urg’ochi jinsiy organi. Ko’pchilik o’simliklarda shakli ko’zasimon. Arxegon yetilgach, bo’ynining ichki qismida joylashgan hujayralar yemirilib, ularning o’rnida naycha hosil bo’ladi. Arxegonning qorin qismida tuxum-hujayra joylashgan bo’lib, uning ustida kichikroq qorin hujayra bor. Bo’ynidagi naycha hujayralar shilliqlanib, Arxegonning og’zini (bo’yin uchini) ochadi va spermatozoidning Arxegon ichiga tushishiga imkon beradi. Shu o’simliklardagi erkak jinsiy organ anteridiy deb ataladi.