Asbest nima?
Aksariyat odamlar asbest yaqin-yaqinlarda kashf etilgan deb o’ylaydi, aslida esa u insoniyatga ko’p mingyillardan buyon ma’lumdir! Qadimgi ibodatxonalarda asbestdan mash’ala qilishgan va mehroblarni yonish xataridan asrash uchun undan tiklashgan. Bundan 2000 yil muqaddam qadimgi rimliklar marhumning jasadini yoqib, kulga aylantirishda asbestdan foydalanishgan. Shunday bir afsona bor: Sharleman o’zining asbestdan yasalgan dasturxoniga tushgan dog’ni ketkazish uchun olovga tashlab olgan ekan. Yunoncha “asbest” so’zini o’zbekchaga o’giradigan bo’lsak, “yo’qolmas” yoki “yonmas” degan ma’nolarni anglatadi. Hozirgi kunda asbest o’tga chidamli tolali ma’danlar guruhini aniqlash uchun qo’llaniladi. Tarkibida asbest bo’lgan ma’danlar o’zining tarkibi, pishiqligi, ishlatish uchun qulayligi va ishlatilish ko’lami bilan ajralib turadi. Asbestning tarkibida ohak silikati, magniy, ayrim hollarda temir kabi kimyoviy elementlar mavjud. Asbest tola tuzilishli bo’lgani uchun paxta va junni ham eslatadi, biroq u issiqqa va o’tga chidamligi bilan ulardan ustunlikka egadir. Shu sababli asbestdan sanoatda keng miqyosda foydalanilmoqda, olimlar hozircha uning o’rnini bosadigan biron narsani topa olganlari yo’q. Asbest tola olinib, mato to’qiladigan birdan bir ma’dandir. Yong’in chiqish xavfi bo’lgan korxonalarda ishchilarning kiyimlari, shu jumladan bosh kiyimlari, qo’lqoplari poyabzallari, kiyimlari butunlay asbestdan tayyorlangan bo’ladi. Asbest 1090 darajadan 1650 darajagacha, uning ayrim xillari esa 2760 darajagacha bo’lgan issiqlikka chidamlidir. AQSh dunyo bo’yicha olinadigan asbestning deyarli yarmini ishlab chiqaradi, aslida esa jahondagi asbest zahirasining atigi 5 foiziga ega. Asbest zaxirasining 75 foizi Kanadaning Kvebek viloyatida joylashgan. Asbest ayrim tog’ jinslarida qatlam holida uzala tushib yotadi. Ayrim paytlarda uni olish uchun shaxtalar qurishga to’g’ri keladi. Bir tonna asbest olish uchun 45 tonnagacha tog’ jinslarini qayta ishlash zarur bo’ladi!