ASBEST SANOATI
ASBEST SANOATI – asbest rudasini qazib olish va asbest tolasi ishlab chiqarish sanoati. Qadimgi Xitoy, Hindiston, Yunonistonda asbestdan turli buyumlar tayyorlangan. Asbestning o’tga chidamli bo’lishi (1550° da eriydi), elastikligi, adsorbtsiya qobiliyati, kam miqdorda issiqlik va elektr tokini o’tkazishi, yuqori mexanik qattiqligi kabi xususiyatlari uni texnik maqsadlarda 19 – asrning 80-ylaridan ko’p sanoat tarmoqlarida keng qo’llanishiga olib keldi. Hoz. kunda Asbest qo’shilgan mahsulotlarning 2 mingga yaqin xili energetika va elektrotexnika sanoatida, temir yo’l transporti, aviatsiya, traktor, avtomobil ishlab chiqarishda va boshqalarda qo’llaniladi. Asbesting fizik va kimyoviy xususiyatlari uni qurilish materiallari ishlab chiqarishda foydalanishiga keng imkoniyat yaratadi. O’zbekistondagi uch korxona: “Bekobodsement”, “Quvasoy-tsement” va “Ohangarontsement” aktsiyadorlik jamiyatlari har yili o’rtacha 3,5 million dona katta o’lchamli asbosement shifer (to’lqinli va yassi) va 525 kilometr asbosement quvurlar ishlab chiqaradi. Ularning jami ishlab chiqarish quvvati esa yiliga 11,4 million dona katta o’lchamli shifer va 1671 kilometr quvurdan iborat. Mamlakatimizda sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan Asbest konlari ochilmaganligi sababli, hozirga qadar ushbu xom ashyo Qozog’iston va Rossiya korxonalaridan keltiriladi. Importni kamaytirish maqsadida mumkin bo’lgan joylarda asbest mahsuloti o’rniga bazalt va boshqa mineral tolalar ishlatilmoqda, masalan, Ohangaron korxonasida shifer tarkibidagi Asbestni 30% gacha mineral tolaga almashtirildi. Asbestning atrof muxitga salbiy ta’siri borligi sababli dunyo miqyosida Asbest sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish keyingi yillarda kamayib bormoqda. Mirhamid To’rayev.