ASBEST-TSEMENT KONSTRUKTSIYALAR
ASBEST-TSEMENT KONSTRUKTSIYALAR — karkasi (sinchi) yog’och, asbest-tsement yoki metall elementlardan iborat bo’lgan asbest-tsement listlari va issiqlik izolyasiyasi materiallaridan tayyorlanadigan konstruktsiyalar. Ichi havol konstruktsiyalarda asbest-tsement listlar o’zaro shuruplar, parchin mix yoki yelim bilan biriktiriladi. Monolit (yaxlit) konstruktsiyalar — isitkich qatlami (penoplast) bilan biriktirilgan ikki yassi listdan tayyorlanadigan plita va panellar. Qalinligi 60 — 80 millimetr bo’lib, 3 metrli joylarni yopishda ishlatiladi. Karkasiga yelim yoki shuruplar bilan biriktiriladigan yassi asbest tsement plita va panellardan iborat konstruktsiyalar keng tarqalgan. Karkas uchun asbest-tsement yoki metall profillar, yog’och g’o’lalar ishlatiladi.