ASHURO

ASHURO (Arabcha — o’n kunlik) — 1) Muhammad (sav) Madinaga ko’chib o’tganlaridan so’ng dastlabki paytda, Muharram oyi 10-kunida tutilgan ro’za. Keyinroq Ramazon oyida ro’za tutish belgilangach, Ashuro ro’zasini tutish ixtiyoriy deb e’lon etilgan; 2) shialarda xalifa Alining o’g’li Husaynning Karbalo yonidagi jangda halok bo’lganligi xotirasiga bag’ishlab Muharram oyining dastlabki o’n kunligida o’tkaziladigan motam marosimlari. Eron va Iroqda Ashuro kuni masjid va madrasa hovlilarida, takyaxona va husayniyaxonalarda Imom Husayn va safdoshlari chekkan azob-uqubatlar haqidagi qissalar jamoat orasida o’qiladi. Ko’chalarda shialar yurish qilib, motam tug’lari va shiorlarini ko’tarib: “Shoh Husayn, voh Husayn” so’zlarini takrorlab, nola chekishadi. Ayrimlari ko’kraklariga to’xtovsiz musht urib, zanjir va xanjarlar bilan badanlarini tilkalaydilar. Ashuro kunida Islom mamlakatlaridan minglab shialar Karbalo shahriga yig’ilishib, Imom Husayn va safdoshlari qabrini ziyorat etishadi. Sunniylarda Ashuro kuni odatdagi diniy ma’rakalardek o’tadi, ayrim joylarda “Ashur oshi” ulashiladi.