ASKOMISETSIMONLAR
ASKOMISETSIMONLAR, xaltachali zamburug’lar (Ascomycetes) — maxsus xaltachalarda rivojlanib etiladigan sporalar orqali ko’payuvchi zamburug’lar sinfi. 42000 dan ortiq turi bor. Ba’zi turlari jinssiz yo’l bilan turli konidial sporalar hosil qiladi. Zamburug’ miseliysi bir yadro (gaplofaza) hujayrali va xaltacha hosil qiluvchi qo’sh yadro (diplofaza) hujayrali giflardan iborat. Askomisetsimonlarning eng soda tuzilgan vakillarida xaltacha bevosita zigotaaan etiladi; bunda giflarning ikki hujayrasi va hujayra yadrolari o’zaro qo’shilib, zigota hosil qiladi, zigota esa o’z navbatida xaltachaga aylanadi. Ayni vaqtda kopulyasiya tufayli yuzaga kelgan zigota yadrosi reduktsiya yo’li bilan ketmaket bo’lina boradi. Shu tariqa ikki yoki uch bo’linishdan so’ng to’rtta yoki sakkizta gaploid yadrolar, ularning yonida esa shu yadrolar soniga teng keladigan askosporalar hosil bo’ladi. Bunda zigotadan bitta xaltacha etiladi. Biroq ko’pchilik Askomisetsimonlarda (ayniqsa tanasidagi xaltachalari to’da-to’da bo’lib o’rnashgan vakillarida) zigotadan bitta emas, bir nechta xaltacha hosil bo’ladi. Askomisetsimonlar asosan tana tuzilishiga va qisman xaltacha shakliga mos holda bo’linadi. Ular yalang’och xaltachalilar, ya’ni tuban Askomisetsimonlar (Gymnoasci), mevaxaltachalilar (Carpoasci) va lokuloaskomisetlar (Loculoasci) deb ataluvchi uchta kenja sinfga hamda bir necha oilalarga bo’linadi. Keng tarqalgan, ko’pchilik saprofitlar tuproqda, turli organik qoldiqlarda uchraydi, oziq-ovqat mahsulotlarida ko’payib, ularni buzadi. Lishayniklar tanasida yashaydigan barcha zamburug’lar Askomisetsimonlarga kiradi. Konidiya davrida ko’pchilik Askomisetsimonlar o’simlik, hayvonlarda parazitlik qiladi, tsellyulozani va har xil sanoat mahsulotlarini yemirib zarar keltiradi. Askomisetsimonlar mikrobiologiya sanoatida fermentlar, antibiotiklar va boshqa mahsulotlar olish maqsadida foydalaniladi. Bir qancha turlari (qo’ziqorin, strochok, tryufel va boshqalar) dan oziq-ovqat sifatida foydalaniladi.