ASPERGILLYOZ

ASPERGILLYOZ (Aspergillosis) — odam va hayvonlarda parazit zamburug’i (aspergillar) qo’zg’atadigan kasallik. Aspergillyozda qaysi a’zo zararlanganligiga qarab kasallik belgilari turlicha namoyon bo’ladi. Masalan, teri Aspergillyozida asosan teri zararlanadi, unda tuguncha, yara va infiltratlar paydo bo’ladi. Aspergillyoz bilan asosan parrandalar, qisman sut emizuvchilar kasallanadi. Bu kasallikka parrandalar ichida o’rdak va g’oz ko’proq, tovuq, kurka, kaptar, qirg’ovul kamroq chalinadi. Sut emizuvchilardan Aspergillyoz bilan ko’proq quyon kasallanadi. Kasallik nafas orqali zamburug’ sporalarini ichga yutib yuborish va bu kasallik bilan zararlangan ozuqani iste’mol qilish natijasida yuqadi. Kasallangan hayvonlar ancha lohas bo’ladi, nafas olishi qiyinlashadi, ishtahasi pasayadi, ichi buziladi, ozib ketadi, bir necha kundan keyin o’ladi. Aspergillyozning oldini olish choralari: bino ichida sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilish, ozuqa va to’shamalarni zamburug’lardan xoli tutish, inkubatorlarni dezinfektsiya qilish, shamollatish va boshqalar.