ASQAROV AKBAR ASQAROVICH

ASQAROV AKBAR ASQAROVICH [1902.25.10 (7.11) – Toshkent – 1978.9.5] – terapevt, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1943), tibbiyot fanlari Doktori (1947), professor (1948), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1956). 1927 yil O’rta Osiyo davlat universiteti tibbiyot fakultetini bitirgan. Toshkent tibbiyot instituti fakultet terapiyasi kafedrasi mudiri (1941 yildan). Asqarov ko’p yillar davomida me’da-ichak kasalliklari etiologiyasi, klinikasi va davolash (ayniqsa o’zbek taomlaridan tuzilgan parhez yordamida) usullari ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib borgan. Asqarovning ingichka ichak, yo’g’on ichak, o’t pufagi va jigar kasalliklari ustida olib borgan ilmiy ishlari tibbiyot nazariyasi va amaliyotini boyitgan. Ibn Sino “Tib qonunlari” asarining O’zbekcha nashriga mas’ul muharrir va ruscha nashrining tahrir hay’ati a’zosi bo’lgan. Toshkentdagi ko’chalardan biri uning nomiga qo’yilgan.