ASSOM

ASSOM — Hindistonning shimoliy-sharqidagi shtat. Sharqiy Himolay tog’lari etagida. Maydoni 78,5 ming kilometr kvadrat. Aholisi 22,3 million kishi (1991), yarmidan ko’prog’ini assomlar, 18% ni Bengallar tashkil etadi. Ma’muriy markazi — Dispur shahri. Qadimda va ilk o’rta asrlarda Assom hududi Kamarupa deb atalgan. Angliya —Birma urushlari (19-asr) natijasida Assom Angliyaning Hindistondagi mulklariga qo’shib olingan. 1950 yildan Hindiston Respublikasi shtati. Shtat aholisining 9/10 qismi Brahmaputra va surma vodiysida, qolganlari tog’li viloyatlarda yashaydi. Assom hududining yarmi pasttekislik, qolgan qismi balandligi 3826 metrgacha bo’lgan Assom tog’laridan iborat. Tez-tez zilzila bo’lib turadi. Iqlimi tropik, musson iqlim, sernam. Dunyoda eng ko’p yog’in tushadigan joy. Yiliga 12500 millimetrgacha yog’in yog’adi. Doim yashil tropik o’rmonlar va butazorlar bor. Assom Hindistonda choy yetishtiradigan va sholi hamda jut ekishga ixtisoslashgan mayda dehqon xo’jaliklari o’lkasidir. Aholining 80% ga yaqini qishloq xo’jaligida ishlaydi. Assom yer maydonining 15% iga ekin ekiladi. Butun Hindistonda yetishtiriladigan choyning yarmiga yaqinini Assom beradi. Loviya, shakarqamish, tamaki, paxta, kunjut, indov va xantal ekiladi. Assomning ishlab beruvchi sanoati nisbatan yirik choy fabrikalaridan, faner va yashik ishlab chiqaradigan korxonalar, objuvoz va yog’korxonalari, Dhubridagi gugurt fabrikasidan iborat. Digboy va Naharkatiya Hindistonda neft chiqariladigan muhim rayondir. Neft qazib olish va qayta ishlash Assom sanoatining asosiy tarmoqlaridan biri. Ko’mir (Margerita) va ohaktosh qazib chiqarish mahalliy ahamiyatga ega. Brahmaputra vodiysi bo’ylab o’tadigan temir yo’l Assomni Hindistonning boshqa qismlari bilan bog’laydi; Brahmaputradan Dibrugarhgacha kema qatnaydi.