ASTIGMATIZM

ASTIGMATIZM (Yunoncha a — inkor qo’shimchasi va stigme — nuqta) — 1) yorug’lik nuqtaviy manbaining tasviri bitta tekislikda yotmaydigan ikkita o’zaro tik kesmada kuzatiladigan optic tizim aberrasiyasi. Agar nuqtaviy manbadan tarqaluvchi nurlar dastasi optik tizimdan o’tishda deformasiyalanib, bir nuqtada kesishmay, turli nuqtalarda kesishsa, bunday nurlar dastasiga astigmatik dasta, hodisaning o’zi Astigmatizm deyiladi. Astigmatizm, masalan, tsilindrik linzalarda va nurlar dastasi optik o’qqa katta burchak ostida tushuvchi sferik linzalarda kuzatiladi. Keyingi holda buyumning optik o’qdan uzoqdagi nuqtalari tasvirini aniq kuzatib bo’lmaydi. Astigmatizmdan xoli murakkab optik tizimlar anastigmatlar deb ataladi; 2) tibbiyotda — ko’zning nurlarni bir nuqtada sindira olmasligi. Ko’z muguz pardasidan nur o’tganda, odatda, u gavharda sinib, uning fokus nuqtasi bitta bo’ladi, lekin Astigmatizmda muguz parda va ko’z gavharining to’g’ri hamda ko’ndalang yo’nalishdagi nur sindirish kuchi turlicha, nur yig’ish nuqtasi esa ikkita bo’lishi mumkin. Astigmatizmga muguz parda va ko’z gavhari qalinligining ikki meridianda ikki xilligi sabab bo’ladi. Bunda bemorga tsilindr shishali, kontakt linzali ko’zoynak taqish tavsiya etiladi.