ASTRONOMIYA INSTITUTI
ASTRONOMIYA INSTITUTI, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Ulug’bek nomidagi Astronomiya instituti — Turkiston o’lkasida xaritalashtirish va iqlimni o’rganish maqsadida Turkiston harbiy topografiya bo’limi qoshida Toshkent astronomiya rasadxonasi sifatida 1873 yil tashkil qilindi. 1966 yilda Astronomiya institutiga aylantirildi. Institutda “O’zgaruvchan yulduzlar”, “Quyosh fizikasi”, “Galaktika astronomiyasi va kosmogoniya”, “Kosmik geodinamika”, “Maydanak tog’rasadxonasi” bo’limlari va uning faoliyatini ta’minlovchi kitob astronomiya rasadxonalari majmui bor. Institutning 25 ga yaqin astronomik teleskoplari Maydanak tog’rasadxonasida (Qashqadaryo viloyati), kitob shahrida, Chimyon (Toshkent viloyati) yaqinidagi Qumbel togida va Toshkent hududida o’rnatilgan. Bular orasida O’rta Osiyoda yagona, ko’zgusining diametri 1,5 metr bo’lgan teleskop va o’ta noyob ko’p uyali yorug’lik matrisasiga ega Quyosh teleskopi bor (1998). Dastlab, asosan, astrometriya va yulduz astronomiyasi yo’nalishlari bo’yicha ishlar rivojlangan. Ilgari meridian astrometriya bo’limi (L. L. Matkevich, M. F. Bikov, G’. Jalolov, I. M. Borodiskiy, O. S. Tursunov va boshqalar), fotografik astrometriya bo’limi (A. A. Latipov, S. N. Nuritdinov, Sh. Pirimqulov, A. Rahimov, A. Qodirov, H. Eshmuhamedov va boshqalar) ilmiy tadqiqot ishlari olib borgan. Keyinchalik ushbu ikki bo’lim birlashib, astrometriya bo’limi deb nomlandi va ilmiy tadqiqot ishlarini davom ettirdi (L. I. Bashtova, Yu. Boltaboyev, E. Rahmatov, G. G. Xodak, E. Mirmahmudov va boshqalar). Ilgarigi vaqt bo’limi — kundalik vaqt xizmatidan tashqari, passaj asboblarning izchil xatolarini topish va tuzatish, joyning geografik kenglamasini aniqlash, qit’alarning harakatini o’rganish va yulduzlarning maxsus katalogini tuzish bilan shug’ullangan (V. P. Shcheglov, B. V. Yasevich, T. Nuraliyev, E. Sanaqulov va boshqalar). Yerning o’z o’qi atrofida notekis aylanishi muammolarini o’rganish bilan kitob kenglama stansiyasi xodimlari A. M. Kalmikov, B. Mahamatg’oziyev, S. Eshonqulov va boshqalar shug’ullangan. Astronomiya institutida O’rta Osiyo astronomiya tarixiga doir muhim ilmiy asarlar ham yaratilgan (V. P. Shcheglov, F. Jalolov). O’zgaruvchan yulduzlar bo’limi dastlab nostasionar turli yulduzlarni kuzatish, ular nurlanishining fotometriyasi va yulduzlararo muhitda yutilishi bo’yicha tadqiqotlar olib borgan (V. S Shevchenko, G. I. Shanin, M.M. Zokirov, A. S. Xo’jayev, N. Kilyachkov va boshqalar). Hozir esa bu bo’lim asosan yulduzlarning tug’ilish o’choqlarini va turli nostasionar yulduzlarni kuzatish bilan shug’ullanadi (K. Grankin, M. Ibragimov, V. S. Shevchenko va boshqalar). Maydanakda bajarilgan ko’p yillik fotometrik kuzatuvlar asosida yulduz paydo bo’lishi sohalaridagi yosh nobarqaror yulduzlar ATM.laridagi fizik jarayonlar, zich qo’shaloq sistemalarning xususiyatlari o’rganilmoqda. Quyosh fizikasi bo’limi Quyoshdagi chaqnashlar, dog’lar va faollik komplekslari tabiatini o’rganadi (Yu. M. Slonim, I. Sattorov, 3. B. Korobova, K. Kulishova, Sh. A. Egamberdiyev). Keyingi o’n yillikda bo’limda gelioseysmologiya deb nomlangan yangi yo’nalish — Quyosh ichki tuzilishini o’rganishga doir tadqiqotlar Iris va ton xalqaro dasturlari doirasida amalga oshirilmoqda (Sh. A. Egamberdiev, S. P. Ilyosov, Sh. S. Xoliqov, I. M. Xamitov va b.). Frantsiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, Tayvan, Marokash, Chili, Avstraliya va boshqa davlatlarning astronomik muassasalari bilan bevosita aloqalar o’rnatilgan. Gamma-nurlar manbalarini tadqiq etish maqsadida 1986 yil yuqori energiyalar astrofizikasi bo’limi tashkil etildi (T. S. Yo’ldoshboyev va boshqalar). 1995 yildan boshlab bu sohadagi tadqiqotlar O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika institutida davom ettirilmoqda. 1996 yilda Galaktika astronomiyasi va kosmogoniya bo’limi tuzildi (S. N. Nuritdinov). Bo’limda Tseyss qo’shaloq astrografi va Toshkentdagi normal astrografda olingan yulduz sistemalari Kinematikasiga oid ma’lumotlarni tahlil qilish (A. A. Latipov, A. A. Rahimov, E. Rahmatov) va Galaktikamizning tuzilishini nazariy asoslash maqsad qilib qo’yilgan. Hozirgi kunda galaktikalar fizikasida birinchi bor spiral galaktikalar taraqqiyotining kollaps davri uchun nazariy modellari qurilib, ularning gravitatsion beqarorligi muammolari va Galaktikamiz tekislik tashkil etuvchi qismi tuzilishi tadqiq etilmoqda (S. N. Nuritdinov, M. Mo’minov va boshqalar). Kosmik geodinamika bo’limi 1997 yil Kitob kenglik stansiyasi va vaqt xizmati bo’limlari asosida ochilgan; u joy koordinatalarini aniqlash va o’zgarishini kuzatib borish, qit’alarning harakatini tadqiq etish, yerning o’z o’qi atrofida aylanishidagi notekisliklar qonuniyatlarini aniqlash masalalari bilan shug’ullanadi. Bo’limda GPS, PRARE (Germaniya) va DORIS (Frantsiya) yo’ldosh sistemalarining erdagi radiotexnik uskunalari o’rnatilgan. O’zbekistonda astronomiya tarixi va kelajagini Maydanak tog’rasadxonasisiz tasavvur etib bo’lmaydi. 1996-97 yillarda Birlashgan Yevropa Janubiy rasadxonasi bilan hamkorlikda o’ta zamonaviy uskuna yordamida o’tkazilgan kuzatishlar (Sh. A. Egamberdiyev, S. I. Ilyosov) bu rasadxona jahonning mashhur rasadxonalari qatorida turishini tasdiqladi. Natijada institut jahonning bir necha yirik astronomik markazlari bilan hamkorlikda ular keltirgan asbob-uskunalar yordamida tadqiqotlarni boshlab yubordi. Bular orasida AQShning Vanvlek va Pittsburg universitetlari rasadxonalari, Rossiya va Litva astronomik muassasalari bor. 1997 yilda O’zbekiston va Ukraina o’rtasida Maydanak tog’ida optik astronomiyani rivojlantirish to’g’risida shartnoma imzolandi. O’zbekiston astronom olimlari Rossiya Fanlar Akademiyasi nashr qiladigan “Astronomicheskiy jurnal”da o’z maqolalari bilan qatnashib turishadi. Shuhrat Egamberdiyev.