ATALMISH QAVCHIN

ATALMISH QAVCHIN (14-asr o’rtasi -15-asr boshlari) — Amir Temur saroyidagi yirik davlat va siyosat arbobi, uning yaqinlaridan biri. Atalmish qavchinga muhim siyosiy va harbiy vazifalar topshirilgan. Xususan, 1383 yil Amir Temur Atalmish qavchinni bir necha amirlar bilan Jetaga, Qamariddinga qarshi yuborgan. 1394 yil “besh yillik yurish” paytida Atalmish qavchin Sharqiy Anadoludagi Avnik qal’asiga kutvol qilib tayinlangan. 1395 yil Sohibqironning To’xtamishga qarshi yurishi chog’ida qora Yusuf Turkman Avnikka hujum qilib, Atalmish qavchinni asir olgan va uni Misr sultoni Barquqqa yuborgan. Anqara jangndan so’ng Barquqning o’g’li Faraj Atalmish qavchinni o’z elchilari bilan birga Amir Temur huzuriga qaytargan. 1404 yil Sohibqiron Atalmish qavchinga Sharqiy Anadoludan qora totor elini Jetaga ko’chirib borish vazifasini topshirgan. Amir Temur vafotidan so’ng Atalmish qavchin nomi shahzodalar, xonimlar va Shayx Nuriddin, Shoh Maliklar bilan birga Samarqandga kirolmay 1405 yil martida Buxoroga borganlar qatorida qayd etib o’tilgan.