ATARAKSIYA
ATARAKSIYA (Yunoncha ataraxia — xotirjamlik) — yunon etikasida ruhiy osoyishtalik, xotirjamlikni bildiruvchi tushuncha. Demokrit ta’limotida Ataraksiya hayot tashvishlaridan, o’lim, qo’rquv va har qanday ruhiy hayajondan xoli bo’lgan, kishida ehtiroslar ustidan aql hukmronlik qiladigan holatni anglatadi. Ataraksiyaga oid g’oyalar keyinchalik Epikurning axloqiy ta’limotida rivoj topdi. Uning fikricha, Ataraksiya hayotning eng oliy ideali bo’lgan donishmand shaxsning ichki va botiniy erkinlik holatidir. U hayot quvonchlaridan lazzatlanishga va huzur qilib orom olishga undaydi. Skeptiklar (masalan, Pirron) fikricha, inson baxti — hayot voqealariga beparvo qarash, xotirjam hayot kechirishga o’rganishdir. Tibbiyotda Ataraksiya bemrning xotirjam, tinch va bezovta bo’lmasdan dam oladigan holatini ifodalaydi. Shu sababli shifokorlar unga muolajaning ma’lum qismi sifatida ham qaraydilar.