ATEROV VILOYATI

ATEROV VILOYATI (1992 yilgacha Gurev viloyati) — Qozog’iston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1938 yil 15 yanvarda tashkil etilgan. Maydoni 113,5 ming kilometr kvadrat. Aholisi 447,9 ming kishi (1999); asosan qozoqlar, shuningdek ruslar, beloruslar, o’zbeklar, koreyslar ham yashaydi. Markazi — Aterov shahri. Aterov viloyati Kaspiy bo’yi pasttekisligida joylashgan. Barxan qumlari, suv oqmaydigan botiqlar bor. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 3,4° dan — 10,6° gacha, iyulniki 24°-26°. Yiliga 100-200 millimetr yog’in tushadi. Yozda to’zonli bo’ronlar va suxoveylar bo’ladi. Asosiy daryolari: Ural, Emba, Uil, Sag’iz. Sayoz, asosan sho’r ko’llar bor. Yer yuzasining kattagina qismi sho’rxok, sho’rtob va qo’ng’ir cho’l-dasht tuproqlaridan iborat. O’simliklari chala cho’l tipidagi (sho’ra, shuvoq, betaga, chalov va boshqalar) o’simliklar, daryo qayirlarida daraxt, butazor (to’qayzor)lar mavjud. Aterov viloyati sanoatida neft qazib chiqarish, neftni qayta ishlash va baliq sanoati muhim o’rin tutadi. Energetikasi mahalliy va qisman chetdan keltiriladigan neft mahsulotlari va Karaganda ko’mirida ishlaydi. Neft Emba koni va Aterov atrofidan olinadi. Aterovda neftni qayta ishlash zavodi, shahar yaqinida baliq konserva kombinati ishlab turibdi. Mashinasozlik va metallsozlik (Aterovda mashinasozlik zavodi), kimyo, yog’ochsozlik, qurilish materiallari, yengil va oziq-ovqat sanoati korxonalari bor, qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Qishloq xojaligining yetakchi tarmog’i — yaylov chorvachiligi. Asosan dag’al junli qo’ylar boqiladi. Qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlarning ancha qismi pichanzor va yaylov. Bahorikor va sug’orma dehqonchilik qilinadi. Qishloq xo’jaligida yem-xashak ekinlari (bir yillik o’tlar, silos uchun makkajo’xori) ham ekiladi. G’alla ekinlaridan asosan arpa, tariq yetishtiriladi, Volga va Ural daryolarining quyi oqimida sholi ekiladi. Sabzavot va kartoshka hamda poliz ekinlari ham salmoqli o’rin tutadi. Kaspiy dengizida baliq ovlanadi. Temir yo’l orqali boshqa viloyatlar b-ila bog’langan. Ural daryosi (Uralskgacha) va Kaspiy dengizida (Aterovdan Astraxongacha va Fort Shevchenkogacha) kema qatnaydi. Yuklarning bir qismi avtomobil transportida tashiladi. Avialiniyalar Aterovni Aterov viloyatining boshqa joylari bilan bog’laydi.