ATLANT
ATLANT — bezak haykaltaroshligi asari; yunonlar tasavvurida osmon gumbazini ko’tarib turgan pahlavonning nomi. Atlant odatda, me’morlikda binoni biror joyini ko’tarib turuvchi ustun, yarimustun va tirgovich vazifasini o’taydi. Ko’pincha bino tashqarisidagi me’moriy elementlar (ravoq, darvoza, eshik, balkon, boloxona ustunlari) sifatida ishlanadi. O’zbekiston san’at muzeyida marmardan ishlangan Atlant haykali bor (1873, italyan haykaltaroshi T. Solari ishi).
ATLANT, ATLAS — yuksak umurtqalilarda birinchi bo’yin umurtqasi; kalla suyagi bilan birikkan bo’ladi. Shakli halqaga o’xshaydi va shu bilan boshqa umurtqalardan farq qiladi. Bosh burilganda Atlant ham bosh bilan birga buriladi.
ATLANT — Saturn yo’ldoshi. “Voyajer-2” kosmik apparati (AQSh, 1980) bortidan kashf qilingan. Saturndan uzoqligi 138 ming kilometr, diametri 36 kilometrga yaqin.