ATMOSFERA FRONTLARI

ATMOSFERA FRONTLARI – meteorologik elementlari har xil bo’lgan ikki havo massasini ajratuvchi zonalar. Atmosfera frontlarida meteorologik elementlar gorizontal yo’nalishda keskin o’zgaradi. Yer yuzasiga yaqin qatlamda o’tish zonasining eni, odatda, 100 kilometrdan oshmaydi. Atmosfera frontlari yer sirtiga nisbatan qiya yo’nalib, salqin havo zichroq bo’lganligi uchun iliq havo ostiga pona shaklida kiradi, yerga nisbatan juda yotiq, deyarli gorizontal joylashgan. Ajratuvchi zonaning gorizontal yo’nalishdagi kengligi bir necha yuz km bo’lsa, bunday zona front zonasi deb ataladi. Atmosfera frontlari qancha tez harakat qilsa, meteorologik elementlar shuncha keskin o’zgaradi. Shuning uchun Atmosfera frontlarida kuchli vertikal oqimlarni, turli bulutlar shaklini, yog’inlarni, xullas, ob-havoning keskin o’zgarishlarini kuzatish mumkin. Atmosferaning umumiy tsirkulyasiyasidagi ahamiyatiga qarab, Atmosfera frontlarini arktik, qutb havosi orasidagi arktik, qutbiy va tropik hamda ekvatorial havo orasidagi tropik xillarga ajratish mumkin. Ba’zi vaqtlarda keng gorizontal havo massalari ichida ikkinchi darajali front ham hosil bo’ladi. Front salqin havo tomonga harakatlansa, salqin front deb yuritiladi. Odatda, salqin front iliq frontga qaraganda tezroq harakatlanadi. Shu sababli, ba’zan, salqin front iliq frontga etib olib, qo’shilib ketadi. Bunday Atmosfera frontlari okklyuziya fronti deb yuritiladi. Iliq havo salqin front bo’ylab yuqoriga ko’tarilsa, anafront, pastga qarab yo’nalsa, katafront deyiladi. Odatda, O’rta Osiyoda salqin frontlarning o’tishi ob-havoning keskin o’zgarishlari (yomg’ir, qor, haroratning pasayishi, kuchli shamol)ga olib keladi, jala, momaqaldiroq va boshqalar tingach, salqin front chizig’idan keyin ob-havo ochilib ketadi. Iliq front o’tganda esa ob-havoda keskin o’zgarishlar yuz bermaydi, kamdan-kam hollarda yog’ingarchilik bo’ladi.