AVTOMAT

AVTOMAT (Yunoncha automatos — o’zi harakatlanuvchi) — 1) ma’lum ishdagi barcha jarayonlarni berilgan dastur bo’yicha kishining ishtirokisiz o’zi bajaradigan qurilma. Avtomatni bir oz sozlab, ayrim hollarda nazorat qilib turish kerak bo’ladi. Avtomobil dvigatellari porshenini ishlab chiqaradigan avtomatlashtirilgan zavoddda metallni eritishdan tortib, to tayyor porshen olish, porshenlarni saralash va hatto yashiklarga joylashgacha barcha ishlarni Avtomatlar bajaradi. Yarim Avtomatlarda ayrim operasiya bajarilgach, mashina o’z-o’zidan to’xtaydi, uni ishchi yana yurgizib yuboradi. Avtomat va yarim Avtomatlar mashinasozlik, to’qimachilik, oziq-ovqat sanoatlarida, qishloq xo’jaligida keng qo’llaniladi. Masalan, paxta ekishda seyalkaning uyaga chigit tashlab beradigan qismi oddiy Avtomat hisoblanadi. Avtomatlar texnologik (turli avtomatlashtirilgan agregatlar va boshqalar), energetik (avtomatik asboblar, qurilmalar va boshqalar), transport (avtomashinist, avtopilot va boshqalar), hisoblash-yechish (hisoblash mashinalari va boshqalar), savdo (magazin avtomat va boshqalar), harbiy (avtomatik qurollar va boshqalar), maishiy avtomatlar, o’yin avtomatlari va boshqa turlarga bo’linadi. “O’zi harakatlanadigan” mexanizmlar qadimdan ma’lum. Prujinali va mayatnikli soatlarning yaratilishi (17- asr) Avtomat rivojiga ancha ta’sir etdi. Avtomatdan sanoatda foydalanish 18-asrga — sanoat inqilobi davriga to’g’ri keladi. Elektrotexnikaning rivojlanishi (19-asr) elektr yordamida harakatlanadigan Avtomatning paydo bo’lishiga olib keldi. Elektronikaning paydo bo’lishi (20-asr) bilan tamoman yangi elektron avtomatik qurilmalar va boshqaruvchi hisoblash mashinalari paydo bo’ldi. Shu tufayli Avtomatning imkoniyatlari va qo’llanilish sohalari borgan sari kengaymoqda; 2) kibernetikaning asosiy tushunchalaridan biri; diskret (rakamli) axborotlarni diskret vaqt taktlari bilan qayta ishlaydigan texnika va biologik tizimning mavhum modeli.