AYBLOV XULOSASI

AYBLOV XULOSASI — jinoyat yuzasidan tergov natijasida aniqlangan holatlar va ayb mazmuni bayon etilgan prosessual hujjat. Ayblanuvchi va uning himoyachisini jinoyat ishidagi barcha materiallar bilan tanishtirib bo’lgach, tergovchi, basharti ishni sudga yuborish uchun yetarli asoslar borligi to’g’risidagi fikri o’zgarmagan bo’lsa, Ayblov xulosasi tuzadi. Ayblov xulosasi tavsif-asoslantirish va xulosa qismlaridan iborat bo’ladi. Tavsif qismida dastlabki tergovda aniqlangan holatlar: jabrlanuvchi, shuningdek ayblanuvchi to’g’risidagi ma’lumotlar; ayblanuvchining aybdorligini tasdiqlovchi dalillar, ayblanuvchining o’zini himoya qilish uchun keltirgan vajlar va ularni tekshirish natijalari bayon qilinadi. Xulosa qismida ayblanuvchining shaxsi to’g’risidagi ma’lumotlar keltiriladi hamda e’lon qilingan ayblovning mazmuni JKning shu jinoyatni nazarda tutgan moddasi yoki moddalarini ham ko’rsatgan holda bayon qilinadi. Ayblov xulosasida bayon qilingan holatlarni tasdiklovchi ish sahifalari ko’rsatilishi kerak. Ayblov xulosasi qayerda va qachon tuzilganligi ko’rsatilib, tergovchi tomonidan imzolanadi (O’zbekiston Respublikasi JPK, 379-modda). Ayblov xulosasiga tergovchining fikricha sud majlisiga chaqirilishi lozim bo’lgan shaxslarning ro’yxati, shuningdek qo’llanilgan ehtiyot choralari, gumon qilinuvchi va ayblanuvchi qancha vaqt qamoqda saqlanganligi to’g’risidagi, ashyoviy dalillar, fuqaroviy da’voni va mol mulkning musodara qilinishi ehtimolini ta’minlash choralari, sud chiqimlari to’g’risidagi ma’lumotlar ilova qilinadi. Tergovchi Ayblov xulosasini imzolaganidan keyin jinoyat ishini darhol prokurorga yuboradi (O’zbekiston Respublikasi JPK 380-381-moddalar).