AYERATSIYA

AYERATSIYA (Yunoncha Aero..) – 1. Suv Ayeratsiyasi – suvni havo kislorodi bilan to’yintirish. Vodoprovod suvini tozalash inshootlarida suvdagi temir gidrooksidni, erkin karbonat angidridini, vodorod sulfidin chiqarib yuborish hamda suvning sifatini yaxshilash; oqova suvlarni biologik tozalash inshootlarida (aerotenk, aerofiltr, biofiltrlarda) mikroorganizmlarning yashash sharoitlarini ta’minlash maqsadida Ayeratsiya amalga oshiriladi. 2. Bino Ayeratsiyasi — bino ichi va tashqarisidagi havo zichliklari orasidagi farq hisobiga va shamolning bino devoriga hamda ustyopmasiga ta’siri hisobiga amalga oshadigan tabiiy-tashkiliy havo almashinish. Ortiqcha issiqligi bo’lgan sanoat binolari va tsexlar (temirchilik, quymachilik, prokat va boshqalar) da qo’llaniladi. Binolardagi ortiqcha issiqlikning energiya sarflamay turib almashinishiga imkon beradi. Bino Ayeratsiyasida deraza yoki tirqish orqali binoning pastki qismiga kelgan tashqi havo issiq va ifloslangan havoni binoning yuqori qismidagi tirqish (ayeratsiya fonari) dan siqib chiqaradi. Yilning sovuq davrlarida xizmatchilar shamollamasligi uchun havo poldan kamida 4 metr balandlikdagi tirqishdan kiritiladi.