AYIQ O’YIN

AYIQ O’YIN (ayiqbozlik) – xalq tomoshalarining bir turi. Ayiq o’yin O’zbekistonda qadimdan mashhur. 19-asrda Buxoroda Ikrom bobo degan atokush ayiqboz o’tgan. U bir qora ayiq bilan ikki maymun o’ynatgan. Ayiq o’z egasining aytganini itoatkorlik bilan bajarib, tomoshabinlarga yengilgina o’kirar, ta’zim qilar, ayiqboz bilan kurashar, maymunlar bilan quvlashardi. Bundan tashqari, u tannoz ayolning oynaga qarab pardoz qilishi, dangasaning yumalab yotishi, ayolning bola emizishi, kampirning harakatlari kabi kulgili o’yinlarni bajargan. Sho’rolar davrida ham anchagacha Ayiq o’yin davom yetib keldi. Masalan, asakalik Melivoy Mirsaidovning ayiq o’ynatishi juda maroqli bo’lgan. 50-yillardan Ayiq o’yin tsirk tomoshasining tarkibiy qismiga aylandi. Keyingi yillarda o’shlik Sherali polvon O’tbosarov (1904 85), xorazmlik Rustam Matjonov (1963), namanganlik Ne’matjon Mamatovlar (1939) ijodi diqqatga sazovor.