AYNIYLIK PRINTSIPI

AYNIYLIK PRINTSIPI – kvant mexanikannng asosiy qonuni. Ayniylik printsipiga muvofiq bir xil zarralarni birbiridan farq qilish mumkin emas. Klassik mexanikada fizik xossalari (massasi, zaryadi va hokazolar). Ayniy (bir xil) bo’lgan zarralar o’z xususiyatini yo’qotmaydi. Masalan, mazkur fizik tizimga kirgan zarralarni biror boshlang’ich vaqtda “raqamlab” va ularning o’z traektoriyasi bo’ylab harakatini kuzata borib, keyingi istalgan vaqtda qayerda bo’lishini aniqlash mumkin. Kvant mexanikaning aniqsizlik printsipiga asosan zarra (masalan, elektron) ning traektoriyasi degan tushuncha o’z ma’nosini yo’qotadi. Ammo bu yerda zarrani topish ehtimoli ko’zda tutiladi, binobarin, kvant mexanikada zarralarni “raqamlariga qarab” bir-biridan farq qilish, aynan bir xil zarralar harakatini alohida-alohida kuzatish mumkin emas. Fizik xossalari bir xil bo’lgan zarralar bir-biridan farqsizdir. Ayniylik printsipi kvant mexanikaning mustaqil printsipidir. Bir xil zarralardan tashkil topgan tizimlarning kvant nazariyasida Ayniylik printsipini quyidagicha ta’riflash mumkin: Ayniy zarralarning o’rin almashinishi natijasida zarralar tizimining ichki o’zgarish holatini hech qanday tajriba yordamida farq qilib bo’lmaydi va bunday holatni bitta fizik holat deb qaraladi. Ayniylik printsipi Fermi — Dirak statistikasiga bo’ysunuvchi zarralar uchun Pauli printsipi shaklida tavsiflanadi.