AYOLLAR (AN’ANAVIY) ANSAMBLLARI

AYOLLAR (AN’ANAVIY) ANSAMBLLARI — xotin-qizlardan tashkil topgan ashula-raqs yoki ashula-cholg’u ansambllar; qadimdan o’zbek milliy musiqa ijrochiligi rivoji jarayonida yuzaga kelgan. Odatda 3-4 ayol xonanda, sozanda va raqqosalarni birlashtiradi. Repertuari o’zbek xalqi musiqa merosining boy an’analari va xususan mahalliy musiqiy uslub (sheva)larga tayangan. Bunday ansambllar turli vohalarga xos ijrochilar — yallachi (Farg’ona vodiysi), sozanda (Buxoro), xalfa (Xorazm) va hokazo nomlar bilan ham yuritilgan. Ayozqal’a (an’anaviy) ansambllari odatda to’y va boshqa marosimlar, turli xil sayillarda o’z qo’shiq-raqslarini omma o’rtasida ijro etib kelgan. O’zbekistonda ayollarning professional va havaskorlik tarzidagi zamonaviy ansambllardan tashqari, davlat professional (Dutorchi qizlar, garmoniy qizlar va boshqalar), havaskor folklor (“Yor-yor” — Namangan, “Nozanin”—Buxoro, “Gulyor”— Toshkent viloyati, “Quvasoy yor-yori”, “Onaxonlar”— Farg’ona, “Omon yor”—Qo’qon va boshqalar) ansambllari mavjud.