AYRITOM

AYRITOM — o’zbek xalqining qadimiy tarixi va madaniyatidan guvohlik beruvchi ko’hna shahar xarobasi. Termiz shahridan 18 kilometr Sharqda, Amudaryo qirg’og’ida joylashgan. Dastlab Ayritom yaqinida Amudaryo tubidan odam haykalchalari ishlangan Friz (piramon) parchalari topilgan (1932), 1933 yil M. E. Masson rahbarligidagi Termiz arxeologiya kompleks ekspeditsiyasi Ayritomda qazish ishlari olib borib, yana 7 ta Friz bo’laklari hamda budda ibodatxonasi xarobasini topgan. Frizlar 1-2 – asrlarga oid bo’lib, ularda qo’shnay, chiltor, ud, nog’ora chalayotgan sozandalar va gulchambarlar, meva solingan idishlar ko’tarib olgan yigit-qizlar ifodalangan. Bundan tashqari Ayritomdan miloddan avvalgi 2 – asr oxiri va milodiy 4 – asrlarga oid ikkita qabr topilib, ularning biridan qurol-yarog’lari bilan birga dafn qilingan jangchining, ikkinchisidan idish-tovoqlar hamda zeb-ziynatlari bilan ko’milgan ayolning skeletlari chiqqan. 1963-66 yillarda Ayritomda O’zbekiston san’atshunoslik ekspeditsiyasi (B. Turg’unov) ham qazish ishlari olib borgan. Devorlarining qalinligi 1,5 metr, balandligi 2-2,5 metr bo’lgan 15 ga yaqin eshik va derazasiz xonalar (diniy marosimlar o’tkazilgan xonalar) topilgan. Xonalarga yuqoridan maxsus zinalar orqali tushilgan. 1978 yilda olib borilgan qazilmada yunon alifbosida 6 qator qilib bitilgan yozuvi bor haykal tagkursisi topilgan. Ayritom moddiy-madaniy yodgorliklari o’zbek xalqining Kushonlar davridagi tarixini madaniy merosini, urf-odatlarini va boshqalarni o’rganishda katta ahamiyatga ega.