A’ZAMOV G’ANI

A’ZAMOV G’ANI (1909.9.5, Toshkent) — O’zbekiston xalq artisti (1961). Faoliyatini 1930 yil Hamza teatrida boshlagan. “Halima” musiqali dramasidagi Rahim yamoqchi uning birinchi roli. Uyg’unning “Qaltis hazil” komediyasidagi Mamarasul sahnadagi ilk yutug’idir. U yuzga yaqin mukammal obrazlar yaratgan. Domla Imom (“Boy ila xizmatchi”), Munajjim (“Alisher Navoiy”), Arslonsher (“Chin muhabbat”), Soqi sumbat (“Tog’a-jiyanlar”), Qambar (“Qutlug’ qon”), Yusuf (“So’nggi nusxalar”), Omonyor (“Qonli sarob”), Bobchinskiy (“Revizor”), Launs (“Veronalik ikki yigit”) va boshqalar shular jumlasidan. A’zamov hajviy, dramatik, lirik rollarni bir xil mahorat bilan o’ynaydi. U qanday rol o’ynamasin, o’zining hajvkorlik iste’dodini, o’tkir kiioyasini ishga soladi, ushoq rollarni ham hayotiy tafsilot bilan boyitib esda qoldiradi. “Romeo va Juletta”, “Gang daryosining qizi” spektakllaridagi Petr va Nabikori rollarida bir so’z demasada, o’z shaxsiyatidan mahrum, mudroq bosgan, nimjon, irodasiz kishilar qiyofasini gavdalantirdi. U yaratgan Mo’min (“Oltin devor”), Almandar (“Almandar”) obrazlari aktyor ijodida alohida o’rin tutadi. Usta Mo’minda aktyor kulgi talqinini o’rni-o’rnida fojiaga yaqinlashtirdi. S. Ahmadning unga atab yozgan “Kuyov” komediyasida A’zamov gavdalantirgan G’ani timsolida yolg’izlik fojiasi yoritildi. Filmlardagi asosiy rollari: sartarosh (“Maftuningman”), Qambar cho’loq (“Qutlug’qon”), Domla Imom (“Boy ila xizmatchi”), qora shoh (“Ikki dil dostoni”), Xolmat (“Suyunchi”), Serhunar choyxonachi (“Temir xotin”) va boshqalar. “Nashtar” satirik kinojurnalining eng faol ishtirokchilaridan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati. F. A’zamov Mo’min rolida (E. Vohidov, “Oltin devor”).