BADARG’A

BADARG’A — 1) 19-20-asr boshlarida chor Rossiyasida shaxsni sud orqali yoki ma’muriy tartibda biror shahar yoxud muayyan gubernadan uzoqlashtirish. Bunda o’sha shaxsga mazkur joydan tashqarida istiqomat qilish joyini tanlash huquqi berilgan yoki bunday huquq berilmagan. Badarg’a qilinganlar politsiya nazoratida bo’lgan; 2) jazoning bir turi. Mahkumni uning istiqomat joyidan uzoqlashtirib, muayyan joylarda yashashini man etish. O’zbekistonda 18 yoshga to’lgan shaxslar sodir etgan jinoyat uchun asosiy yoki qushimcha jazo tarzida 1995 yil 1 aprelgacha amalda bo’lgan qonunlarda Badarg’a ko’zda tutilgan va 5 yilgacha muddatga qo’llanilgan. Badarg’a qilingan shaxs bo’lishi ta’qiqlangan viloyat, shahar yoki tumanga borgan taqdirda ma’muriy tartibda jazolanar, bunday qilmishni takrorlasa, bir yarim yilgacha ozodlikdan mahrum etilar edi. Badarg’a insonparvarlik ruhiga zid va samarasizligi sababli bekor etilgan.