BADARIY MADANIYATI
BADARIY MADANIYATI – Afrika qit’asida dehqonchilik bilan shug’ullangan qabilalarning eng qadimgi madaniyati. Dastlab arxeologik yodgorliklar Badariy qishlog’ida (Misr) o’rganilganligi uchun shu nomni olgan. Badariy madaniyati Nil vodiysida keng tarqalgan. Ayrim qabilalar bilan aloqalar qayiqlar yordamida amalga oshirilgan. Badariy madaniyati yodgorliklari miloddan avvalgi 6-ming yillikning oxiri va 5-ming yillikda Nil vodiysida yashagan dehqonlarning iqtisodiy va madaniy hayotiga oid boy arxeologik materiallar berdi. Mozor, manzilgohlar, neolit davri boltalari, naqshli Kamalak o’qlar, cho’kich, chaqmoqtoshdan ishlangan pichoq, yig’ma o’roq, yog’och bumerang, suyak qarmoqlar, ayollarning loy va fil suyagidan ishlangan haykalchalari, fil suyagidan ishlangan qoshiq va taroqlar, fil suyagi, tosh va loydan ishlangan turli idish-tovoqlar topildi. Ba’zi idishlarda arpa va bug’doy qipiqlari hozirgacha saqlangan. Sopol idishlarning sirtiga qora rang bilan oddiy geometrik naqshlar solingan. Badariy madaniyati mozorlarini qazish vaqtida olib borilgan kuzatishlarga asosan qadimgi Misrda neolit davridan boshlab o’liklarni qabrga g’ujanak qilib, kiyimda, o’ng yoki chap bikini bilan ko’mish odati borligi aniqlandi. Badariy mozorlaridan topilgan yolg’iz mis bigizni hisobga olmaganda, barcha mehnat qurollari, buyumlar, bezaklar — tosh, fil suyagi, yog’och va loydan ishlangan. Qadimgi badariylarning boshi cho’zinchoq, negr tipida bo’lgan. Ular asosan dehqonchilik, ovchilik bilan shug’ullangan. Ad.: Vsemirnaya istoriya, t. I, GL. Z, M., 1955; Chayl D. G., Drevneyshiy Vostok v svete novix raskopok, Per. s angl., M., 1956.