BADAVIY
BADAVIY (Arabcha — sahroyi, ko’chmanchi) — Arabiston yarim oroli va shimoliy Afrika cho’llarida yashaydigan ko’chmanchi, yarim ko’chmanchi Arab qabilalari. B.lar Sudan va shimoliy Afrika, Markaziy Arabiston, Suriya, Iordaniya, Iroq, Misr va boshqa joylarda yashaydilar. Arab tarixchilari (8-asr) tuzgan shajaraga ko’ra, Badaviy qabilalari ikkita asosiy guruhga bo’lingan: Jan. Arabiston, ya’ni Yaman qabilalari (Banu Tayy, Banu Xamdon, Banu Mazhij, Banu omil, Banu Juzam, Banu laxm, Banu Xassan, Banu Kind, Banu Azd, Banu Xazraj, Banu Ximyar va boshqa qabilalar) va shimoliy Arabiston qabilalari (Banu Qays, Banu Sulaym, Banu G’atafon, Banu Hilol, Banu Qushayr, Banu Murra, Banu Tamim, Banu Asad, Banu Abdulqays, Banu Bakr, Banu Tag’lib va boshqa qabilalar). Badaviylarda bir necha oila (beshinchi avlodgacha) birikib ahlni (Bayt, Faxa, Xomula), ko’p sonli oila urug’ni (batn, firqa, oshira), urug’lar esa qabilalarni tashkil etadi. Rivojlanib kelayotgan yangi ijtimoiy munosabatlar Badaviy hayotiga ham ta’sir qilib bormoqda, bu qabilalar tobora o’troqlashmoqda. Badaviylar o’rtasida urug’ qabilachilik munosabatlari hozir ham bir qadar saqlanib qolgan. Badaviylar asosan chorvachilik (tuyachilik, ayniqsa, yilqichilik va qo’ychilik), ovchilik va kirakashlik bilan shug’ullanadi. Yo’lovchi savdogarlardan olinadigan boj ham Badaviylarning tirikchilik manbalaridan biri hisoblanadi.